Bugun Taxtako‘pir tumani hokimligi, Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan “O‘zbekiston” MFY hududidagi 11-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Biz tazyiq va zo‘ravonlikka qarshimiz!” shiori ostida mahallalardagi xotin-qizlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda Respublika maxsus ishchi guruhi vakili Baxtiyor Saidqosimov, “Namunali ayollar” guruhi rahbari A.Qobilbekova, tuman IIB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori, kapitan B.Baxiyeva va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tuman bosh mutaxassisi I.Abdijamilov ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida xotin-qizlarning oilada, jamiyatda tutgan o‘rni hamda ularning qonun bilan himoya qilinadigan huquq va erkinliklari haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, oilada uchrashi mumkin bo‘lgan tazyiq va zo‘ravonlik turlari, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning kelib chiqish sabablari, unga imkon yaratuvchi jihatlar misollar bilan keng muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, Madaniyat bo‘limi xodimlari va maktab o‘quvchilari tomonidan oiladagi zo‘ravonlikning kelib chiqishi bo‘yicha sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.
Taxtako‘pir tumani hokimligi axborot xizmati