Taxtako`pir tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga murojaati
Hurmatli fermerlar!
So‘ngi yillarda mamlakatimizda ko‘kalamzorlashtirish, o‘simliklarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ko‘chat ekib, bog’ yaratish – xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri. Zero, o‘zimiz yashab turgan joyni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tufayli ko‘nglimiz shodlikka to‘ladi, turmushimiz fayzli va farovon bo‘ladi.
Demak, xalqimizning ibratli o‘tmishi o‘zimiz yashayotgan muhitda tabiatga oqilona munosabatda bo‘lib, uni asrab avaylash, kelgusi avlodlar ham yashashi uchun qulay makon barpo etishga undaydi.
Ayni chog’da bog’lar, ko‘chalar hamda yo‘l chetlarida yashnab turgan daraxtlar tevarak-atrofga ko‘rk ulashishi barobarida havo musaffoligini ta’minlab, dasturxonimizni mevalar bilan to‘ldiradi.
Daraxtlarga mehr berish, ularni parvarishlash eng ezgu va xayrli amal sanaladi. Ko‘chat ekib, bog’ yaratish, atrof-muhitni toza va ozoda saqlash xalqimizning asrlar sinovidan o‘tgan milliy qadriyatidir.
Muhtaram Prezidentimizning 2024 yil 30 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot etishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g’risida” gi PQ-465-sonli qarori bilan belgilab bergan topshiriqlari ana shunday ezgulik yo‘lidagi juda ham muhim tashabbusdir.
Prezidentimizning ushbu qarorlari bilan Siz, aziz fermerlarga bir qancha engilliklar va imtiyozlar berilgan. Jumladan;
– ichki fitosanitariya sertifikati bir yil davomida bepul beriladi;
– dala chetlariga ekilgan «in-vitro» usulida yaratilgan mevali payvandtagli ko‘chatlarni sotib olish xarajatlarining 50 foizi miqdorida, biroq har bir mevali payvandtagli ko‘chatga 25 ming so‘mdan oshmagan holda Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg’armasidan belgilangan tartibda subsidiya ajratiladi;
– qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtiruvchilari dala chetini o‘zlashtirish va mahsulot etishtirish uchun zarur bo‘lgan urug’, ko‘chatlar, mineral o‘g’itlar, kimyoviy preparatlar, moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlanadi;
– suv bilan ta’minlash uchun nasos va quvurlarni o‘rnatish xarajatlarining 50 foizdan ko‘p bo‘lmagan qismini qarz oluvchining bank kartalariga o‘tkazish yo‘li bilan 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada kreditlar ajratiladi;
– quritish tsexi va sovitkichli omborxonalarni xarid qilishga Fermerlarni qo‘llab-quvvatlash jamg’armasi hisobidan 50 milliard so‘m mablag’ ajratiladi;
– qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtiruvchilarga 36 oygacha imtiyozli davr bilan 84 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada ajratilishi, bunda kredit summasining 60 foizi bo‘yicha garov ta’minoti sifatida o‘rnatiladigan quritish tsexi va sovitkichli omborxonalar olinishi, 40 foizi bo‘yicha garov ta’minoti sifatida ularning qaytmaslik xatarini sug’urta qilish bo‘yicha sug’urta polisi olinadi;
Bundan tashqari, mazkur qarorga muvofiq fermer xjaliklariga tegishli maydonlarning dala chetlariga har yili 1 aprelga qadar ekin ekmaganlik va yil davomida mahsulot etishtirmaganlik holatlari aniqlanganda belgilangan tartibda quyidagi choralar ko‘rilishi belgilab qo‘yildi. Jumladan;
– qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtiruvchilarga ularning barcha qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan erlari uchun er solig’i stavkasi uch karra miqdorida hisoblanadi;
– Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg’armasidan belgilangan tartibda ajratiladigan kredit resurslari hisobidan moliyalashtirish to‘xtatiladi;
– dala chetlarini ikkilamchi ijaraga olgan ijarachilarga Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanadi;
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek “Yashil makon” vijdonimiz, bo‘lajak hayotimiz, farzandlarimiz oldidagi ma’suliyatimizdir!
Ko‘chat ekish, bog’ yaratish, dala chetida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirish kabi tadbirlarida keng jamoatchilik qatori Siz mehnatkash fermerlarimizning ham munosib ulushlaringiz bor.
Joriy yil bahor mavsumida Siz ham dalangiz chetidagi bo‘sh erlarga ko‘chat ekish, bog’ yaratish, dala chetida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirishga o‘z hissangizni qo‘shing.
Buning uchun mamlakatimizdagi ko‘chat etishtiruvchi to‘rt mingdan ziyod fermer, dehqon xo‘jaliklarida va tomorqa er egalarida 32 milliondan ziyod tut, tok, tol, yong’oq, mevali va boshqa manzarali daraxt ko‘chatlari mavjud.
Siz ular bilan hamkorlik qilsangiz, yurtimiz yashillik olamiga burkanishiga o‘zingizning munosib hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz.
Hurmatli va aziz fermerlar!
Sizlarni hurmatli Yurtboshimizning yuksak ishonchini oqlab, mamlakatimiz ravnaqi va farovonligiga munosib hissa qo‘shish uchun ko‘chat ekish, bog’ yaratish, dala chetida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirish tadbirlarida faol ishtirok etishga chaqiramiz!
Bu bilan siz xalqimizga xos ezgu fazilatlarga o‘zingizning munosib hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz!
Zero, nafaqat hovli va uylarimiz, mahalla, shahar va mana shu vatan ham o‘zimizniki, uning ozodaligi va ko‘rkamligiga barchamiz mas’ulmiz.
Vatanimiz obodligiga o‘z hissamizni qo‘shaylik!
Taxtako`pir tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi












