YERDAN FOYDALANISH SAMARADORLIGINI OSHIRISH
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanish samaradorligini oshirish va mahsulot yetishtirish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-131-sonli qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan, barcha turdagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishda 2025 yil 11 martdan joriy etilgan tartibga muvofiq:
– elektron onlayn auksion savdosi o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnomani e’lon qilish muddati 15 kundan 5 kunga, takroriy savdolar esa 5 kundan 1 kunga qisqartiriladi;
– takroriy savdolarda faqat bitta talabgordan ariza kelib tushgan taqdirda, unga ushbu savdoda e’lon qilingan narxda lotni sotib olish taklif etiladi;
– har qayta savdoda lot narxi 10 foizdan bosqichma-bosqich boshlang‘ich narxning 20 foizigacha tushiriladi.
2025 yil 1 apreldan boshlab barcha hududlarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan barcha turdagi yerlarni ijaraga berish bo‘yicha o‘tkaziladigan elektron onlayn auksion savdolarida yer uchastkasiga ijara huquqini olish uchun to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash va to‘lov to‘liq to‘langanda chegirma berish tartibi bekor qilinadi hamda ushbu to‘lovlar 15 ish kuni ichida to‘liq to‘lanishi shartligi belgilangan.
2025-2026 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududi doirasida elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar jami maydonining o‘rtacha 10-20 foizi chorva uchun ozuqa ekinlarini ekish sharti bilan savdoga chiqariladi.
“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy vakili
R.Esimbetov