Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari zamirida avvalo, inson qadrini ulug’lash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini kafolatli ta’minlash kabi ezgu maqsadlar mujassam.
2024 yil 10 iyun kuni imzolangan «Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g’risida»gi Prezident Farmoni sudlar faoliyatida ochiqlik, shaffoflikni ta’minlash bilan bir qatorda, fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarida ish boshlaydigan tergov sudyalari jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanktsiya berish masalalari — qamoqqa olish yoki uy qamog’i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, qamoqda saqlash yoki uy qamog’i muddatini uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish hamda prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatmalarini oldindan mustahkamlash to‘g’risidagi iltimosnomalarini ko‘rib chiqadi. Shuningdek, tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ham yuklatilmoqda. Bu orqali jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi instantsiya sudi sudyalari o‘rtasida ish hajmi mutanosibligi ta’minlanadi.
Qolaversa, bu jinoyat ishlarini ko‘rish jarayonida ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlarni sinchkovlik bilan to‘liq va xolisona tekshirib chiqish, sudlanuvchilarning barcha vajlarini tekshirish va taraflar tomonidan keltirilgan iltimosnomalarni batafsil ko‘rib chiqishga mustahkam huquqiy zamin yaratadi.
Eng asosiysi, Farmonda tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga bo‘ysunishi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog’liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.
Qisqasi, sud-huquq tizimidagi bu muhim o‘zgartirishlar fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning ish yuklamasini kamaytirish hamda sudyalarning jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish jarayonlarida qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudining sudya katta yordamchisi
K.A.Uspanov