Muhtaram Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Taxtako‘pir tumani “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘ini “Do‘stlik guzari” ko‘chasi bo‘ylab zamonaviy ko‘rinishdagi 24/7 tizimda xizmat ko‘rsatuvchi gastronomik ko‘cha qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi.
Shu yilning 19-mart kuni yangi obyektning ochilish marosimi o‘tkazilib, tadbirga tuman hokimi J.Adilov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘mita raisi M.Atamuratov va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar, butun mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan umumxalq Navro‘z bayrami va tumanimiz ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shib, yo‘l bo‘yini ko‘rkamlashtirishga katta hissa qo‘shayotgan ko‘cha va xizmat ko‘rsatish joylarining foydalanishga topshirilishi bilan yig‘ilganlarni tabrikladi.
Aytish joizki, ko‘chani zamonaviy ko‘rinishga keltirishda ATB “Agrobank” homiyligi hisobidan 2 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilib, “Reverstroy” MCHJ tomonidan qurilish ishlari olib borildi.
Bu maskanda jami 23 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, shundan 10 ta oziq-ovqat mahsulotlari sotish shoxobchasi, 3 ta go‘zallik saloni va sartaroshxona, 2 ta go‘sht mahsulotlari sotish, 2 ta ovqatlanish joyi va 6 ta boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etildi.
Taxtako‘pir tumani hokimligining axborot xizmati