Taxtako‘pir tumanida amalga oshirilayotgan islohotlarning ijrosi sifatida yangidan ish boshlagan tadbirkorlik obyektlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi deputati, «Mustaqillik» MFY raisi A.Alliyarova, mahalliy deputatlar, mahalladagi hokim yordamchilari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida media-tur tashkil etildi.
Media-tur ishtirokchilari dastlab, «Qoraoy» OFY hududidagi «Kausar Tegirmon» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan chorvachilik kompleksi bilan tanishdi va dastlabki ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, «Kausar Tegirmon» MCHJ korxonasi tomonidan umumiy qiymati 95,6 mlrd.so‘mlik g‘alla klasterini zanjirli tizim asosida tashkil etish ya’ni, un ishlab chiqarish, junni qayta ishlash, chorvachilikni rivojlantirish va sutni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish va yangi 115 ish o‘rni yaratilishi belgilangan.
Bugungi kunda «Qoraoy» QFY hududidagi chorvachilik kompleksida 120 bosh naslli qoramollar olib kelinib, parvarishlanmoqda. Ushbu chorvachilik kompleksida 15 ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, kunlik 300 litr sut mahsulotlari sutni qayta ishlash sexiga yuboriladi.
Media-tur ishtirokchilarining ikkinchi manzili «Ǵárezsizlik» MFY hududidagi «Kausar Tegirmon» MCHJ tomonidan «Sutni qayta ishlash» sexi bo‘ldi.
Korxona yiliga 100 tonna sut mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, bugungi kunda sutni qayta ishlash orqali 5 turdagi ya’ni, qaymoq, qatiq, sut, smetana, yogurt va tvorog ishlab chiqarilmoqda.
Umumiy qiymati 700 mln.so‘mlik loyiha doirasida yangi ish o‘rinlari yaratilib, hudud aholisining bandligini ta’minlashga erishildi.
Media-tur ishtirokchilari tadbir davomida mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Taxtako‘pir tumani hokimligining axborot xizmati