Сўнгги янгиликлар

KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH TUSHUNCHASI VA MAZMUNI

Barchamizga ma’lumki, hozirgi zamon milliy va xalqaro huquqida tobora ko‘p qo‘llanilayotgan atamalardan biri bu korrupsiyadir.

Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq korrupsiya illatiga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Chunki poraxo‘rlik – hokimiyat va boshqaruv asoslarini yemiradigan, uning aholi oldidagi obro‘siga putur yetkazadigan, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga daxl qiladigan havfli jinoiy hodisalardan biridir.

Ma’lumki, korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini va qonun ustuvorligini zaiflashtiradi, pirovardida inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi.

Korrupsiya fuqaroning davlat vakili bilan ma’muriy munosabatlari ma’no-mohiyatini o‘zgartiradi va jamiyat uchun ham, davlat uchun ham salbiy oqibatlarga sabab bo‘ladi. Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir.

Umuman olganda, korrupsiya hodisasiga so‘zning keng ma’nosida yondashadigan bo‘lsak, bu shunchaki jinoyat yoki huquqbuzarlik emas, balki ma’naviy buzilish holatidir. Shunday ekan, o‘ylaymizki, mazkur illatga qarshi kurashda nafaqat davlat organlari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz mas’uldirlar.

Hozirda korrupsiya tushunchasini yoritishda bir qancha ta’riflar mavjud. BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasida korrupsiyaga eng qisqa, lekin keng qamrovli ta’rif quyidagicha berilgan: “Korrupsiya – bu shaxsiy naf ko‘rish maqsadida davlat hokimiyatini suiste’mol qilishdir”.

Davlatimiz rahbari tomonidan ushbu jinoyatga “Jinoyatning yopiq va eng qabih turi bor. Bu korrupsiya va poraxo‘rlik, jinoyatning bu turi boshqaruv apparatini izdan chiqaribgina qolmay, bozor asoslarini ham barbod etishi mumkin. Korrupsiya, eng avvalo, uyushgan jinoiy tuzilmalarga madadkor bo‘lish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam berish uchun davlat xizmatining imkoniyatlaridan foydalanishidir” deb bejiz ta’rif berilmagan.

Bugungi kunga kelib respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishning mustahkam huquqiy bazasi va aniq tizimi shakllandi.

Ushbu illatga qarshi kurashishni jahon talablari asosida tashkil etish maqsadida 2008 yilda mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2003 yil 13 oktyabrdagi «Korrupsiyaga qarshi» Konvensiyasini ratifikatsiya qildi, shuningdek, «Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Korrupsiyaga qarshi» konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilishi to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi. Shuningdek, Davlatimiz 2010 yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashning Istanbul rejasiga (2003 yil 10 sentyabr) qo‘shildi.

Korrupsiyaga qarshi kurash ishlarini tashkillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining korrupsiyaga qarshi kurash va oldini olish bo‘yicha bir qancha qarorlari qabul qilindi va ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Bugungi kunda loqaydlik, befarqlik, ikkiyuzlamachilik, tovlamachilik, firibgarlik, urug‘-aymoqchilik, tanish-bilishchilik, poraxo‘rlik kabi illatlar uchrayotganligiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida muntazam ravishda profilaktik suhbatlar va tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Davlat organlari xodimlariga o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda jismoniy va yuridik shaxslardan ularning manfaatlarini ko‘zlagan muayyan harakatni bajarishi yoki bajarmasligi evaziga bevosita o‘zi yoki vositachi orqali pul, qimmatli qog‘ozlar, moddiy boyliklar, sovg‘alar, ssudalar, mulkiy mohiyatga molik bo‘lgan xizmatlar (transport vositasidan foydalanish, davolanish va boshqalar) kabi takliflar bilan murojaat qilingan taqdirda, u noqonuniy xatti-harakatlarni to‘xtatishni talab qilishi va taklif qilgan shaxsni tegishli javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirishi lozimligi, bunda xodim poraga moyillik sifatida baholanishi mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakatlarga va so‘zlarga yo‘l qo‘ymasligi, mazkur holat bo‘yicha zudlik bilan tegishli tarkibiy bo‘linma rahbarlarini yozma tarzda xabardor qilishi, zudlik bilan yozma tarzda xabardor qilishning imkoniyati bo‘lmagan taqdirda esa, telefon orqali xabar berishi yoki tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga darhol murojaat etishi, xodimning ogohlantirishiga qaramasdan pul yoki boshqa moddiy boyliklar qonunga xilof ravishda uning xizmat xonasida qoldirib ketilgan taqdirda, bu haqda binoga kirish-chiqish postida xizmat o‘tayotgan tegishli shaxs (qorovul) va boshqa xodimlar ishtirokida dalolatnoma tuzib, mazkur dalolatnomani rahbariyatga taqdim etishlari shart ekanligi xususida doimiy ravishda ko‘rsatmalar va tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Barcha xodimlar o‘z xizmat vazifalarini halol, vijdonan, yuqori professional darajada va vakolatlaridan chetga chiqmagan holda bajarishi, har qanday vaziyatda o‘z sha’ni va qadr-qimmatini saqlashi, odob-ahloq kasb etika qoidalariga rioya qilishi, kamtar, xushmuomalada bo‘lishi, hech kimga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lmasligi, fuqarolarni qabul qilishda uning xolisligi va beg‘arazligini shubha ostiga qo‘yadigan, biror-bir afzallik va noxolis munosabat mavjud degan tasavvurni hosil qilishi mumkin bo‘lgan, shuningdek davlat organlarini obro‘sizlantirish va nufuziga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan o‘zini tiyishi, o‘z xizmat vazifalarini amalga oshirish bilan bog‘liq harakat yoki harakatsizlik evaziga pul, moddiy boylik va mulkiy ahamiyatga ega xizmatlar yoki boshqa ko‘rinishda haq olmasligi, o‘z xizmat mavqeidan o‘zi, qarindoshlari va boshqa shaxslar uchun biron-bir manfaat, xizmat, tijorat yoki boshqacha tarzda foyda olish maqsadida foydalanmasligi, shaxsiy masalalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlarga murojaat qilganda xizmat mavqeidan foydalanmasligi, bo‘ysinuvidagi xodimlarni noqonuniy qarorlar qabul qilish yoki g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etishga majbur etmasligi kerakligini har kuni yodda tutmog‘i lozimligi ta’kidlanib kelinmoqda.

G.Baynazarova
Nukus tumanlararoma’muriy sudi sudyasi                                       

Skip to content