Saturday, September 27, 2025

So'nggi yangiliklar

Qonunchilikdagi yangi o‘zgarishlar


O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida 28.01.2025 yildagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, tergov sudyalari tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha sudgacha ish yuritish bosqichida protsessual qarorlarga sanksiya berish va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish masalalarini qonunchilikda belgilash maqsadida tergov sudyalarining vakolatlari jumlasiga kiritilgan ishlarni ko‘rib chiqish asoslari va tartibini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, tergov sudyasining vakolatlari belgilanib, tergov sudyasi yakka tartibda faoliyat yuritib, Kodeksda nazarda tutilgan tartibda sudgacha ish yuritish bosqichida shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi ustidan sud nazoratini amalga oshiradi.

Shuningdek, tintuv o‘tkazish haqida iltimosnoma qo‘zg‘atish va uni ko‘rib chiqish asoslari belgilandi.

Bunda, tintuv o‘tkazish uchun asoslar mavjud bo‘lganda prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi tintuv o‘tkazish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqida uni o‘tkazish uchun asoslarni bayon etgan holda qaror chiqaradi.

Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turishni, ular orqali uzatiladigan axborotni qabul qilishni amalga oshirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish asoslari belgilandi.

Bundan tashqari, mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish tartibi belgilandi.

Bunda, mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi.

Zuhra Bayimbetova
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tumani sud tergov sudyasi

Skip to content